Xonobod shahrida M-41 avtomobil yo'lining Navoiy mahalla fuqarolar yig'ini hamda "Kelajak ovozi" 1-, 2- va 3-ko'chalaridan o'tadigan qismida yo'l harakati xavfsizligi bilan bog'liq muammo bartaraf etildi.
Masalaning kelib chiqishi shunday: Xalq deputatlari Xonobod shahar Kengashi deputati Asqar Abduvaliyevga aholi va haydovchilardan ushbu hudud bo'yicha murojaat kelib tushgan edi. Joyga chiqib o'rganilganda, yo'l o'rtasidagi ajratuvchi tasmaga ekilgan archa daraxtlarining o'sib ketgani piyodalar va haydovchilarning ko'rish imkoniyatini cheklab, yo'l-transport hodisalari xavfini oshirayotgani aniqlangan.
Shundan so'ng deputat Abduvaliyev shahar hokimi o'rinbosari M. Musayev nomiga rasmiy deputat so'rovi yo'llagan. So'rov va murojaat natijasida mas'ul Obodonlashtirish xizmati xodimlari hududda amaliy ishlarni boshlagan - archa daraxtlarining pastki qismidagi shoxlar kesilib (butalanib), yo'lovchilar va haydovchilar uchun ko'rish darajasi yaxshilangan.
Natijada piyodalar o'tish joylarida xavfsizlik ta'minlanib, yo'l harakati qatnashchilari uchun yanada qulay muhit yaratilmoqda.



