Xonobod shahrida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan bolalarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan yana bir erta aralashuv xizmati yo'lga qo'yildi.

Yangi xizmat rivojlanishida ortda qolish kuzatilayotgan uch yoshgacha bo'lgan bolalarga o'z vaqtida yordam ko'rsatish, ularning rivojlanishini qo'llab-quvvatlash hamda ota-onalarga zarur tavsiyalar berishga mo'ljallangan.

Xizmatning ishga tushirilishida shahar hokimi ham ishtirok etdi. Tadbir davomida davlat tomonidan bolalarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik, xususan, alohida e'tibor va ko'makka muhtoj bolalarning jamiyatga tezroq moslashishi, tengdoshlari qatorida ta'lim-tarbiya olishi hamda ijtimoiy hayotga faol qo'shilishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar alohida ta'kidlandi.

Ma'lum qilinishicha, uch yoshgacha bo'lgan bolalar uchun xizmat bepul ko'rsatiladi. Belgilangan yoshdan katta bolalar uchun esa xizmatlar qo'shimcha to'lov asosida taqdim etiladi. Markaz vakillarining ta'kidlashicha, bu xizmat bolalarning rivojlanishidagi ehtiyojlarni erta aniqlash, ularga o'z vaqtida yordam ko'rsatish va oilalarni qo'llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.