Xo'jaobod tumanida "Obod va xavfsiz mahalla" tamoyili asosida mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotganini tuman IIB boshlig'i Abbosbek Mo'minov ma'lum qildi.

Uning so'zlariga ko'ra, o'tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 224 ta jinoyatning fosh etilishi ta'minlangan, jinoyat sodir etib yashiringan 35 nafar shaxs ushlangan, shuningdek 3 nafar bedarak yo'qolgan fuqaro topilib, oila a'zolariga topshirilgan.

Ayollarni tajovuz va huquqbuzarlikdan himoya qilish maqsadida 308 ta himoya orderi berilgan, 147 oila yarashtirilgan, 123 oiladagi nizo hal etilgan. "Tig'" profilaktik tadbirlari doirasida aholidan 301 dona sovuq qurol olib qo'yilgan. Fuqarolarning o'z mulkiga e'tiborsizligi oqibatida sodir etilgan jinoyatlarning 42 tasi o'g'irlik, 8 tasi firibgarlik tashkil etgani qayd etilgan.

Mo'minov shuningdek aholini ishga joylashtirib berish va'da qilib firibgarlik qiluvchi, onlayn savdo orqali pulni ikki hissaga ko'paytirib berishni va'da qiladigan, bank kartasi ma'lumotlarini so'raydigan shaxslarga ishonmaslikka, uy-joy va yer-mulk xarid qilishdan oldin hujjatlarni davlat idoralari orqali tekshirishga chaqirdi.