10-oktyabr kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Neftchilar qishlog'ida tuproq ortilgan HOWO markali yuk mashinasi tog' dovonidan tushayotganda boshqaruvdan chiqib, yo'l bo'yidagi avtomobillar, binolar va odamlarni urib ketgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, baxtsiz hodisada 3 kishi halok bo'lgan.

Voqea guvohlari esa halok bo'lganlar sonini norasmiy ravishda bundan ham ko'proq, deb aytishmoqda. Jabrlanganlardan birining qarindoshi bildirishicha, faqat reanimatsiya bo'limiga voqea joyidan 16 nafar odam olib kelingan.

Mahalliy aholining so'zlariga ko'ra, bu qishloqdagi tor va sifatsiz yo'ldan qum va shag'al tashuvchi og'ir yuk mashinalari muntazam o'tadi, dovondan tushayotganda esa ularning tormozi ishdan chiqib qolish holatlari uchrab turadi. 2024-yil 28-iyun kuni ham xuddi shu yerda yuk mashinasi 34 yoshli erkakni urib o'ldirgan, uning homilador rafiqasi muddatidan oldin tug'ib, nogironligi bo'lgan farzand ko'rgan. Taxminan olti yil oldin esa boshqa bir voqeada tushayotgan yuk mashinasi 11 va 3 yoshli ikki nevarani halok qilgan.

Aholi yo'lning torligi va yuk mashinalarining bu ko'chadan harakatlanishi aslida mumkin emasligini, shuningdek ko'cha bo'yidagi do'konlarning piyodalar yo'lkasiga chiqib ketganini muammoning asosiy sabablari qatorida keltirmoqda. Hududda muqobil yo'l yo'qligi sababli sement zavodiga qatnaydigan yuk mashinalari aynan shu ko'chadan foydalanishga majbur.

"Yo'llarimizdan yuk mashinalari o'tmasin"

Taxminan uch yil oldin tuman hokimi dovonni pasaytirish uchun 83 milliard so'm mablag' ajratilganini aholiga aytgan, biroq ishlar bir-ikki kundan so'ng to'xtab qolgan. Buloqboshi tumani yo'l xizmati boshlig'i Beruniy Tojimatovning so'zlariga ko'ra, dovonni pasaytirish faqat mablag' ajratilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin; yo'l torligi sababli uni kengaytirish aholini ko'chirishni talab qiladi, shu bois ko'cha bo'yidagi do'konlar hozirda bosqichma-bosqich buzib tashlanmoqda.

Voqea yuzasidan Buloqboshi tuman IIB tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport xavfsizligi qoidalarini buzish, bu odam o'limiga sabab bo'lgan) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.