Andijon shahrida alimentlar bo'yicha amaliy kelishuvning o'ziga xos namunasi yuzaga keldi — qarzdor ota farzandlariga muntazam aliment to'lovlari o'rniga ikki xonali kvartira rasmiylashtirib berdi.

2021-yil 17-sentyabrda Andijon tumanlararo fuqarolik ishlari sudining qarori bilan qarzdor D.Sh. dan uning uch nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun alimentlar undirilishi belgilangan edi. Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo'limi ushbu ijro hujjati yuzasidan ijro harakatlarini olib borgan, alimentlar o'z vaqtida undirilib kelingan.

Qarzdor D.Sh. jami 96 million so'm alimentni to'lagan, so'ngra farzandlarining kelajagi uchun yanada barqaror yechim sifatida Andijon shahridagi 1-kichik dahada joylashgan ko'p qavatli uylardan ikki xonali xonadonni ularning onasi, undiruvchi D.B. nomiga rasmiylashtirib berishni taklif qilgan.

Tomonlar o'zaro kelishuvga erishib, uch farzand voyaga yetguncha to'lanishi lozim bo'lgan alimentlar o'rniga mazkur kvartira D.B. nomiga rasmiylashtirilgan. Bu holat farzandlar manfaatini birinchi o'ringa qo'ygan, mas'uliyatli yondashuv namunasi sifatida qayd etildi.