Andijonda bir necha kun davomida o'tkazilgan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali o'z yakuniga yetdi. Tadbir doirasida turli mamlakatlardan kelgan teatr jamoalari o'z spektakllarini namoyish etib, hakamlar hay'ati hukmiga havola etishdi.
Festivalning asosiy mukofoti — Gran-pri — Sulton Ibragimov nomidagi O'sh milliy drama teatrining "Taqdir haqida qo'shiq" spektakliga berildi. "Eng yaxshi rejissyor" nominatsiyasida Qozog'iston Yoshlar teatridan Nurkanat Jakipay "Jibek" spektakli uchun g'olib deb topildi.
Shuningdek, Turkmanistonning Buyuk Saparmurod Turkmanboshi nomidagi bosh akademik drama teatri "Oq ot" spektakli bilan "tinchlik, insonparvarlik va do'stlik mavzusidagi eng yaxshi spektakl" nominatsiyasida g'olib bo'ldi. Ozarbayjon pantomima teatrining "Iblis" spektakli "eng yaxshi sahna plastikasi", O'zbekiston davlat drama teatrining "Layli va Majnun" spektakli esa "eng yaxshi yangi talqin" nominatsiyasida taqdirlandi.
Hakamlar hay'atining maxsus mukofoti Qirg'izistonning Toktogul Azibayev nomidagi Oloy musiqali drama teatriga "Sog'inch" spektakli uchun "eng yaxshi hajmli spektakl" yo'nalishida berildi. "Tarixiy xotirani aks ettirgan eng yaxshi spektakl" nominatsiyasida esa mezbon tomon — Andijon viloyati musiqali drama teatrining "Bobur sog'inchi" spektakli e'tirof etildi. Festival turli mamlakat ijodkorlarini bir sahna atrofida birlashtirib, teatr san'atini rivojlantirishga xizmat qildi.



